Akademik litseyda “Kitobxonlik marafoni” va “Eng faol kitobxon” tanlovi

Respublika miqyosida keng nishonlanayotgan “Xalqaro kitobxonlik kuni” munosabati bilan bugun akademik litseyda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Kitobxonlik marafoni” va “Eng faol kitobxon” ko‘rik-tanlovlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda birinchi bosqich guruhlari faol ishtirok etib, o‘zlari o‘qigan asarlar asosida kitoblar ko‘rgazmalarini tashkil etdilar. Ishtirokchilar marafon davomida nafaqat mutolaa qilgan asarlarini namoyish etdilar, balki eng sara adabiyotlar yuzasidan o‘tkazilgan savol-javoblarda o‘z bilim va tafakkurlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Bellashuv yakunida eng faol va ijodkor ishtirokchilar “Eng faol kitobxon” nominatsiyasi bo‘yicha e’tirof etilib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tadbir barcha qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi hamda yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.