“Kitobxon o‘quvchi” loyihasi doirasida “Oq kema” asari muhokama qilindi

2025 yil 28-aprel kuni “Kitobxon o‘quvchi” loyihasi doirasida akademik litseyda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, faol ustoz Parpiyeva Xadiyja tomonidan o‘quvchi yoshlar uchun targ‘ibot darsi tashkil etildi. Ushbu dars mashg‘uloti mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Targ‘ibot darsida o‘quvchilar asar mazmuni, undagi falsafiy va ijtimoiy g‘oyalar, obrazlar tahlili hamda muallifning hayotiy qarashlari haqida fikr almashdilar. Asardagi bolalik, orzu, yolg‘izlik va umidsizlik kabi mavzular yuzasidan chuqur mulohazalar yuritildi.

O‘quvchilar o‘z fikrlarini erkin bildirishdi, sahnali chiqishlar orqali asardagi muhim sahnalarni jonlantirdilar. Dars davomida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, badiiy adabiyot orqali hayotiy saboqlar olishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.