2025 yil 29-aprel kuni akademik litseyda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida ma’naviyat va tarixiy xotirani mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni chuqur anglashga qaratilgan “O‘quvchilar kino kunlari” doirasida navbatdagi film namoyishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida o‘quvchilarga Maqsud Shayxzodaning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Ikki xalq dilbandi” badiiy-hujjatli filmi namoyish etildi.
Mazkur film o‘zbek va boshqa birodar xalqlar madaniy hayotida chuqur iz qoldirgan, ijtimoiy adolat va ezgulik g‘oyalarini asarlarida yoritgan adib — Maqsud Shayxzoda haqida hikoya qiladi. Film orqali o‘quvchilar yozuvchining ibratli hayoti, ijodiy merosi, vatanga muhabbati va istiqlol yo‘lidagi kurashi bilan yaqindan tanishdilar.
Namoyishdan so‘ng o‘quvchilar o‘rtasida film yuzasidan muhokama tashkil etilib, adibning hayoti va filmda aks etgan tarixiy voqealar haqida chuqur fikr almashildi. Tadbir o‘quvchilarning tarixga, milliy adabiyotga va kino san’atiga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.
Bu kabi tashabbuslar yoshlarimizning ma’naviy dunyosini boyitish, tarixiy xotirani mustahkamlash va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi.