14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bugun, 2025-yil 10-yanvar kuni, TATU Farg‘ona filiali akademik litsey o‘quvchilari ChQBT rahbari B. Niyazov boshchiligida Farg‘ona viloyati Sharqiy Harbiy okrug harbiy qismida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida ishtirok etdilar.
Tadbir davomida o‘quvchilar harbiy hayotning turfa jabhalari bilan tanishib, zamonaviy harbiy texnika va qurollarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, harbiylar tomonidan taqdim etilgan ko‘rgazmalar va amaliy mashg‘ulotlar yoshlar uchun katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yosh avlodni harbiy xizmatga qiziqtirish, vatanparvarlik ruhini mustahkamlash va milliy armiyamizning qudrati haqida ko‘proq ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi. O‘quvchilar harbiy xizmatchilarning jasoratli faoliyati va sharoitlari bilan yaqindan tanishib, ulardan katta taassurot oldilar.
Bunday tadbirlar yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.