Yaponiya raqamli universiteti (JDU) bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

2025 yil 23-aprel kuni akademik litsey o‘quvchilarini Oliy ta’limga yo‘naltirish maqsadida Yaponiya raqamli universiteti (JDU) bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, o‘quvchilarga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida imzolandi. Memorandumda JDU bilan akademik aloqalar, ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot loyihalari bo‘yicha o‘zaro yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida universitet bilan tanishuv tadbiri tashkil etildi. Tadbirda JDU vakillari ishtirok etib, universitetning ta’lim dasturlari, imkoniyatlari va talablariga doir ma’lumotlar berishdi. O‘quvchilar uchun taqdimotlar va savol-javob sessiyalari o‘tkazilib, ular universitetning raqamli ta’lim sohasidagi innovatsion yondashuvlari bilan tanishtirildi.

Ushbu tadbir va memorandum imzolanishi akademik litsey o‘quvchilari uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Yaponiya raqamli universitetining ta’lim tizimi va ilmiy salohiyati o‘quvchilarga Oliy ta’lim sohasida yangi istiqbollarni ochadi va global bilimlarni o‘rganish imkoniyatlarini taqdim etadi. Bu hamkorlik, albatta, yoshlarni ilm-fan va texnologiyalar sohasida ilg‘or bilimlarga ega bo‘lishga undaydi.